Isroil bosh vazir Binyamin Netanyaxu Eron yadro quroliga egalik qilishi “oqibati”dan ogohlantirdi. Bu haqda The Jerusalem Post xabar berdi.

Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, “Hizbulloh” qulaganidan so‘ng, Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi boyitilgan uranni yadro quroliga aylantirish harakatini tezlashtirgan.
Biz buni ko‘rdik. Ular bir yil ichida yadroviy bombaga ega bo‘ladi va undan foydalanadi. Boshqa yadroviy davlatlardan farqli o‘laroq, ular haqiqatan ham undan foydalanadi va bizni yo‘q qiladi, dedi Isroil bosh vaziri.
U HAMAS tomonidan G‘azoda garovga ushlab turilganlar masalasiga ham to‘xtaldi.
Biz ularga zarar yetkazmaslik uchun qo‘limizdan kelganini qilyapmiz. Isroil tinch aholining qurbon bo‘lishidan saqlanish uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani qilmoqda, HAMAS esa buning aksi uchun barcha kuch-g‘ayratini sarflamoqda, deya da‘vo qildi Netanyaxu.
Ma‘lumot uchun, Isroil bosh vaziri 1995-yildan buyon Eron “tez orada yadro quroliga ega chiqishi” haqida gapirib keladi. AQSH razvedkasi va Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) Eron yadro qurolini yaratayotganiga oid dalillar topmagan.
Biz siyosiy tahlilchilar yoki davlat amaldorlari emasmiz. Shuning uchun yadro quroli yaratish bo‘yicha faol dastur mavjudligini e’lon qilish uchun bizga aniq dalillar kerak, biz esa bundaylarni ko‘rmadik, degan edi MAGATE rahbari Grossi.
Eronning yadroviy obyektlariga hujum
Isroil 13-iyundan boshlab Eronga tinimsiz hujum qilib, uning yadroviy obyektlari, mudofaa tizimlari, yuqori martabali harbiy amaldorlari va yadrochi olimlarini nishonga oldi. Hujumlar oqibatida kamida 627 kishi, jumladan, ko‘plab tinch aholi vakillari halok bo‘ldi, deb xabar berdi Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi.
22-iyun kuni AQSH Isroilning harakatlariga qo‘shilib, uchta asosiy obyektga — Fordo, Natanz va Isfahonga aviazarbalar berdi. Hujumda bunker bombalardan ham foydalanildi. Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Jon Retkliff operatsiya Eron yadroviy dasturiga jiddiy zarar yetkazganini ma’lum qildi. Zarbalardan ko‘p o‘tmay AQSH prezidenti Donald Tramp Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganini e’lon qildi, buni ikkala tomon ham tasdiqladi.
Izoh (0)