Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z shartlari asosida tinchlikka erishmaguncha Ukrainadagi urushni davom ettiradi. Bu haqda Kremldagi uchta manbaga tayanib Reuters xabar berdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp 14-iyul kuni Ukrainadagi urushni tugatish uchun Rossiyaga 50 kun muhlat bergan edi. Manbalar Putin mazkur talabni e’tiborga olmasligini aytmoqda. Bundan tashqari, rus qo‘shinlari oldinga siljishi bilan Putinning hududiy talablari kengayishi ehtimoli mavjud.
Rossiya prezidenti mamlakat iqtisodiyoti va armiyasi G‘arbning navbatdagi sanksiyalariga bardosh bera oladigan darajada kuchli ekaniga ishonadi. Shu bois u Rossiyaning kelajakdagi iqtisodiy qiyinchiliklarni, jumladan, AQSH tomonidan Rossiya neftini xarid qiluvchilarga boj joriy etilishi kabi choralarni ham yengib o‘tishiga ishonadi.
Putinning fikriga ko‘ra, hech kim, shu jumladan, amerikaliklar ham u bilan Ukrainada tinchlik o‘rnatish tafsilotlarini jiddiy muhokama qilmagan. Shuning uchun u muzokaralarni o‘zi istagan natijaga erishmaguncha davom ettirishni maqsad qilgan, dedi Reuters manbalaridan biri.
Putin NATOning sharqqa kengaymasligini, Ukrainaning betaraf maqomini, rusiyzabon aholi huquqlari himoya qilinishini va Ukrainaning anneksiya qilingan beshta hududi Rossiyaniki deb tan olinishini talab qilmoqda. Shu bilan birga, “u Ukraina xavfsizligi kafolatlarini muhokama qilishga tayyor”, deyiladi xabarda.
Trampning ultimatumi va Moskvaning munosabati
AQSH prezidenti 14-iyul kuni Putinning Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishdan bosh tortganidan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi. U Rossiyaga Ukraina bo‘yicha kelishuv tuzish uchun 50 kun vaqt berishini aytdi. Agar 50 kun ichida Ukraina bilan tinchlik kelishuviga erishilmasa, AQSH Rossiyaning qolgan savdo hamkorlariga nisbatan 100 foizlik ikkilamchi bojlar joriy etadi.
Bundan tashqari, yaqin kelajakda Yevropa davlatlari bilan birgalikda Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari, jumladan, Patriot qurilmalari, katta miqdordagi qurol-yarog‘ va boshqa harbiy texnika yetkazib berish rejalashtirilgan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Trampning bayonotlariga izoh berib, ular “juda jiddiy” ekanini ta’kidladi. U Rossiya prezidenti amerikalik hamkasbining so‘zlariga “agar va qachon zarur deb hisoblasa” izoh berishini aytdi.
Rossiya Xavfsizlik kengashi rais o‘rinbosari Dmitriy Medvedev esa mazkur talabga javob qaytardi. U Trampning “dekorativ ultimatumi” Rossiyaga ahamiyatsiz ekanini bildirdi.
Izoh (0)