Turkiya prezidenti ma’muriyati huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi respublika rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning sog‘lig‘i yomon ekani haqidagi da’volarni rad etdi. Markaz bularni asossiz va prezidentga qarshi qaratilgan deb baholagan.

“YouTube’dagi kanallardan birida prezidentimizning sog‘lig‘i haqida asossiz gaplar aytildi. Efirda ishlatilgan iboralar asossiz ayblovlar, haqoratlar va prezidentga qarshi hujumlarni o‘z ichiga olgan”, deyiladi markazning mahalliy jurnalist Levent Gultekinning videoxostingdagi bayonotlari munosabati bilan tarqatgan xabarida.
“Prezidentimiz o‘zining konstitutsiyaviy vakolatlarini va Turkiya Respublikasi rahbari sifatidagi vazifalarini bajarib, millatimizga xizmat qilish uchun barcha kuch-g‘ayratini sarflamoqda. Prezidentimiz bilan muloqot qiladigan davlat rahbarlari, siyosatchilar va boshqa rasmiy shaxslar uning muammolarni qanchalik chuqur tushunishini, kuchli xotirasi va qarorlarni himoya qilishdagi qat’iyatini yaxshi bilishadi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, “jurnalistikaning tamoyillari va jiddiyligini mensimaydigan, hech qanday mas’uliyat va ehtiyotkorlik ko‘rsatmaydigan, ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on axborot tarqatadigan shaxslar faqat o‘zlarini past tutadi va kulgili ahvolga tushadi”.
Bundan avval Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Istanbulda Ukraina va Rossiya delegatsiyalari uchrashuvidan keyin Turkiya davlat rahbarlari darajasidagi sammitni tashkil etish g‘oyasini ilgari surgandi. Shuningdek, Islom dunyosi mamlakatlari o‘zaro savdo, investitsiya, moliyalashtirish va hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanishlari kerakligini bildirgandi.
May oyida Turkiya prezidenti o‘n nafar huquqshunosdan iborat ekspertlar guruhi yangi konstitutsiya ustida ishlashga jalb etilganini aytgandi. U 2024-yilda amaldagi konstitutsiyani “harbiy to‘ntarish natijasi” deb atagandi. U mamlakatdagi ayrim siyosiy kuchlar iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni aytib, yangi konstitutsiya masalasini kun tartibidan olib tashlashga harakat qilayotganini aytgandi.
Izoh (0)