Ukraina Buyuk Britaniyadan qo‘shimcha qurol-aslaha xarid qilish uchun 1,7 milliard funt sterling (2,3 milliard dollar) olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal ma’lum qildi.

“Ukraina Buyuk Britaniyadan qo‘shimcha qurol-aslaha xarid qilish uchun qariyb 1,7 milliard funt sterling (2,3 milliard dollar) mablag‘ jalb qiladi. Bunga doir qaror hukumat majlisida qabul qilindi. Ushbu mablag‘ hisobiga Rapid Ranger zenit-raketa komplekslari hamda Marlet yengil ko‘p maqsadli raketalarini sotib olishni mo‘ljallamoqdamiz. Bu havo hujumidan mudofaamizni sezilarli darajada kuchaytiradi”, deya yozdi Shmigal o‘zining Telegram kanalida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, iyun oyida Buyuk Britaniya dronlar yetkazib berishda rekord darajadagi yordam ko‘rsatishini e’lon qilgan. 350 million funt sterling (472,5 million dollar) miqdoridagi bu yordam joriy yilda Ukrainaga 100 mingta dron yetkazib berish imkonini yaratadi.
Yaqinda Buyuk Britaniyada e’lon qilingan hukumatning strategik mudofaa sharhi shuni ko‘rsatadiki, Buyuk Britaniya yangi mudofaa strategiyasi doirasida har yili Kiyevga harbiy yordam uchun 3 milliard funt sterling (4 milliard dollar) ajratishni davom ettiradi va “qancha zarur bo‘lsa, shuncha” yordam ko‘rsatadi.
Fevral oyida Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer uning mamlakati xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash uchun Ukrainaga qo‘shin yuborishga tayyorligini aytdi.
Starmerning so‘zlariga ko‘ra, har yili Britaniya Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun taxminan 3 milliard funt ajratadi. Bu yordam 2030-yilgacha mo‘ljallangan. U Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini tezlashtirish bo‘yicha ishlarga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini ham qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, Buyuk Britaniya urush tugab, tinchlik shartnomasi imzolangandan so‘ng Ukraina osmonida patrullik qilish uchun Typhoon qiruvchi samolyotlaridan foydalanishi mumkinligi xabar qilindi.
Izoh (0)