22 yoshli Tomas Fyugeyt ekstremizm, maktabdagi otishmalar va nafrat tufayli sodir etiladigan zo‘ravonliklarga qarshi kurashish uchun 18 million dollar ajratadigan AQSH Profilaktika va hamkorlik dasturlari markaziga rahbar etib tayinlandi. Bu haqda The Independent xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, soha bo‘yicha tajribaga ega bo‘lmagan yigit ilgari landshaft dizayni bilan shug‘ullangan va oziq-ovqat do‘konida ishlagan.
May oyida qabul qilingan ushbu qaror Demokratik partiya a’zolari tomonidan tanqidga uchragan. Ayniqsa, Eronga berilgan zarbalardan so‘ng yuzaga kelgan keskin vaziyat va terrorchilik hujumlari xavfi ortib borayotgani hisobga olinsa, bu tanqid yanada kuchaygan.
Heritage Foundation o‘ng-konservativ tadqiqot jamg‘armasining sobiq amaliyotchisi va Donald Tramp tarafdori bo‘lgan Fyugeyt “yutuqlari uchun” vaqtinchalik rahbarlik vakolatini olgan. Biroq nashrning yozishicha, tashkilot xodimlari uning malakasizligidan shikoyat qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, Fyugeytning siyosiy karyera zinapoyasidan ko‘tarilishi u diplom olgach boshlangan. U shov-shuvli Project 2025 mualliflari va Texaslik ikki kongressmen — Terri Uilson hamda Stiv Allison ofislarida amaliyot o‘taganidan so‘ng respublikachi Donald Trampning saylovoldi jamoasiga ishga qabul qilingan.
Trampning g‘alabasi va inauguratsiyasidan keyin u DHS immigratsiya bo‘limida “maxsus yordamchi” lavozimiga tayinlangan. Ko‘p o‘tmay esa Profilaktika va hamkorlik dasturlari markazi rahbari etib tayinlangan. Bu bo‘lim maktablardagi zo‘ravonlik, jumladan, terrorizm va otishmalarning oldini olish dasturlarini moliyalashtirish va tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Fyugeytning tayinlanishi markaz bilan hamkorlik qiluvchi nodavlat tashkilotlarni ham tashvishga solgan. Ular, xuddi jurnalistlar singari, markazga kim rahbarlik qilayotganini uning LinkedIn’dagi onlayn rezyumesidan bilib olishgan va suratda chap qoshi yuqoriga ko‘tarilgan “kollej talabasi”ni ko‘rishgan.
Izoh (0)