Xitoyda ayol plastik operatsiyalar va hashamatli hayot uchun 2,4 million dollar o‘g‘irlagani fosh bo‘ldi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

41 yoshli Vang Jing taxallusiga ega ayol Shanxayda gul va bog‘ xizmatlari bilan shug‘ullanuvchi kompaniyada kassir bo‘lgan. Kompaniya egasi Xu ismli shaxs bo‘lib, u Vang bilan birgalikda internet-banking tizimini o‘rnatgan. Nazorat to‘liq ayolga topshirilgan. Xu mustaqil buxgalteriya firmasini yollab, moliyaviy holatni telefon orqali kuzatib borgan.
Biroq ayol yashirincha kompaniya hisobini shaxsiy hisobiga aylantirib, undan o‘z xohishicha foydalangan. Eng katta bir martalik o‘zlashtiruv 30–40 ming yuan (4 100–5 600 dollar) atrofida bo‘lgan. Umumiy hisobda u olti yil davomida 17 million yuan (2,4 mln dollar) o‘zlashtirgan.
Vangning rasmiy oyligi 8 ming yuanni (1 100 AQSH dollari) tashkil etgan. U o‘g‘irlangan pullarni hashamatli hayot tarzini yuritish va yiliga to‘rt marta plastik operatsiyalar qilish uchun sarflagan. Har bir jarrohlik seansi unga 300 ming yuanga (42 ming dollarga) tushgan.
Vang ijtimoiy tarmoqlarda boy ayol obrazini yaratish uchun yiliga 2 million yuan (278 ming dollar) sarflagan. U 100 ming yuandan oshadigan olmos bilakuzuklar va timsoh terisidan tikilgan cheklangan sumkalarni xarid qilgan. Bundan tashqari, Makaudagi kazinolarda qimor o‘ynab, qariyb 3 million yuan yutqazgan.
Men faqat chiroyli ko‘rinishni xohlaganman. Hech qachon erkaklarga pul sarflamaganman. Maqtovlar yoqadi, yosh ko‘rinishni istayman, degan Vang so‘roq paytida.
Firibgarlik 2024-yil iyul oyida soliq idorasining kompaniyaga rejasiz tashrifi davomida fosh bo‘lgan. Tekshiruv chog‘ida soliq deklaratsiyalari bilan haqiqiy moliyaviy hujjatlar orasida tafovut aniqlangan.
O‘sha vaqtda kompaniya hisobida pul qolmagan. Xu ishchilarning ijtimoiy sug‘urtasini shaxsiy hisobidan to‘lashga majbur bo‘lgan. Shanxaydagi Changning tuman prokuraturasi Vangga nisbatan mablag‘ o‘zlashtirish va firibgarlik moddalariga ko‘ra rasmiy ayblov qo‘ygan. Hozirda sud jarayoni davom etmoqda.
Izoh (0)