2024-yilda O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan, Toshkent viloyatidagi “Navoiy” chegara-bojxona postida faoliyat yuritayotgan katta inspektor Dildora Nezametdinova bilan kasbiy yo‘l, chegaradagi mas’uliyat, ayollar roli va hayotiy qadriyatlar haqida suhbatlashdik.

“Bojxona tizimi men uchun oddiy ish emas, hayot tarziga aylangan”
Bojxona — nafaqat yuk va hujjatlarni tekshirish tizimi, bu soha orqali butun mamlakatga baho beriladi. Dildora Nezametdinova bu sohada 18 yildan beri faoliyat yuritmoqda va uning fikricha, har bir bojxona xodimi nafaqat yukni, balki insonning maqsadi, muomalasi, xatti-harakatini tahlil qilish qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim.
2001-yilda “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida katta hisobchi sifatida ish boshlagandim. Oradan ko‘p o‘tmay, ofitser lavozimiga tasdiqlandim va o‘shandan beri shu sohaga sodiqman, deydi Dildora Nezametdinova.
U 2003-yilda Toshkent davlat texnika universitetida magistraturani tamomlagan. Bugungi kunda Toshkent viloyatidagi “Navoiy” chegara postida katta inspektor bo‘lib ishlaydi.
“Chegara — bu mamlakatga kirish darvozasi. Biz esa birinchi taassurot manbaimiz”
Dildora opaning kundalik ishi 08:30 da boshlanadi. Smenali grafik asosida 24 soatlik xizmat olib boriladi: bir kun ish, ikki kun dam olish. Har smenada post rahbarlari tomonidan vazifalar aniq belgilanadi, fuqarolar va transport vositalari harakatlanadigan kirish va chiqish yo‘nalishlariga xodimlar taqsimlanadi.
“Bojxona xodimi bo‘lish — bu yukni ko‘zdan kechirish, degani emas. Har bir inson eshikdan kirgan zahoti uning kayfiyati, nigohi, yurish-turishidan shubhali yoki shubhali emasligini sezishimiz kerak”, deydi u.
Shu boisdan ham har bir yangi xodim 2 oylik tayyorlov kurslaridan o‘tadi. Bu yerda qonunchilik, xalqaro aloqa, kommunikatsiya madaniyati, psixologik tayyorgarlik va boshqa shu kabi bilimlar beriladi.

“Odamlar bilan muloqot qilish — kasbimning eng qiziqarli jihatlaridan”
O‘zbekistonda har bir bojxona xodimi — davlatning sha’ni. Dildora opa ham ish jarayonida ko‘plab chet ellik mehmonlar, sayyohlar bilan muloqotda bo‘ladi.
“Ko‘chada oddiy odam bilan gaplashish boshqa, chegara postida rasmiy muloqot boshqa. Biz fuqarolarning fikr-mulohazalari orqali ularning dunyoqarashini, voqelikka munosabatini kuzatamiz. Aynan shu muloqotlar orqali ham o‘zimizni, jamiyatimizni yanada chuqurroq anglaymiz”.
Ammo har doim ham hammasi ijobiy bo‘lmaydi. “Ba’zida menga yaxshi muomala bo‘lmadi, deb aytishadi. Bunday paytda biz xushmuomalalik bilan muammoni o‘rganamiz, tushuntiramiz. Sabrsizlik bu yerda ish bermaydi”, deya qo‘shimcha qiladi u.
“Ayol kishi uchun bu soha oson emas”
Dildora Nezametdinova uch nafar farzandning onasi. Unga ko‘ra, ayollar uchun bojxona xizmati ikki karra mas’uliyat talab qiladi — nafaqat chegara xavfsizligi, balki uy, farzandlar, tarbiya ham e’tiborda bo‘lishi lozim.
“Oilam — mening tayanchim. Ular bo‘lmaganda, bu kasbda uzoq yillab ishlashim qiyin bo‘lardi. Bolalarimning har biri bir-biridan farqli qiziqishga ega. Ularni to‘liq qo‘llab-quvvatlashga harakat qilamiz”.
Bu jihatlar ayolning kasbiy o‘sishiga, farzandlarining kelajakka ishonch bilan qarashiga katta ta’sir qiladi.

“Dam olish — sog‘lom ruh, kuchli jism, baxtli oila degani”
Ta’til — bu shunchaki hordiq chiqarish emas, balki qayta tiklanish. Dildora opa mehnat ta’tilida ham faol: sog‘lig‘ini ko‘rikdan o‘tkazdi, bolalarini ingliz va nemis tili kurslariga yozdirdi, o‘zi esa xitoy tilini o‘rganishga bel bog‘ladi.
“Rus va ingliz tilida bemalol so‘zlasha olaman. Endi xitoy tilini ham egallashni istadim. Har bir bo‘sh kunim rejalangan va mazmunli. Oila bilan sayr, kitob mutolaasi, sport — bu biz uchun hayot tarziga aylangan”.

“Bojxona — bilim, sabr va halollik sinovi”
Bojxona xodimi bo‘lish — bu yuksak masʼuliyat.
Biz O‘zbekistonning nafaqat ichki, balki tashqi iqtisodiy manfaatlarini ham himoya qilamiz. Shuning uchun bizdan halollik, hushyorlik, e’tibor va bilim talab qilinadi, deydi Dildora opa.
Xulosa: Ayollar bor joyda halollik, tartib va nur bo‘ladi
Dildora Nezametdinova — bojxona tizimi haqida samimiy intervyuda nafaqat kasbiy tajribasi, balki hayotiy qarashlari bilan ham ilhom bag‘ishlaydi. Uning so‘zlari har bir yosh xodimga, ayniqsa, bojxona sohasini tanlayotgan ayollarga saboq bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)