Eron, Rossiya va Xitoy 22-iyul kuni Tehronning yadroviy dasturiga qayta joriy etilishi mumkin bo‘lgan sanksiyalar borasida muhokama o‘tkazadi. Bu haqda Eron TIVga tayanib Al Arabiya xabar berdi.

Yevropaning 3 davlati: Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya avgust oyi oxirigacha yadroviy muzokaralarda oldinga siljish bo‘lmasa, Tehronga qayta sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qilayotgan edi. Shu bois Rossiya va Xitoy Eron bilan bu mavzuni muhokama qilishga kelishib olgan.
Oldinroq, Eron TIV o‘rinbosarlari 25-iyul kuni Istanbulda Britaniya, Fransiya va Germaniya bilan yadroviy muzokaralar o‘tkazishi haqida xabar qilingandi. Eron TIV matbuot kotibi Ismoil Bog‘oiyning ta’kidlashicha, hozirda Tehron AQSH bilan yadro muzokaralarini o‘tkazishni rejalashtirayotgani yo‘q.
“Biz Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan munosabatlarni yumshatish va potensial sanksiyalarni oldini olish ustida doimiy ravishda ish olib bormoqdamiz”, degan Bag‘oiy.
Ma’lumot uchun, Eron 2015-yil 14-iyulda 6 ta davlat — AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Xitoy bilan “Yadro dasturini keng qamrovli rejalashtirish kelishuvini”ni imzolagan. Kelishuv Eronning yadroviy qurol ishlab chiqarish imkoniyatini sezilarli darajada cheklab, xalqaro sanksiyalarni olib tashlanishiga sabab bo‘lgandi. Biroq 2018-yilda AQSH prezident Donald Trampning kelishuvdan chiqish qarori va keyingi yillarda Eronning shartlarni buzishi mamlakatlar orasida ziddiyat keltirib chiqarmoqda.
Izoh (0)