AQSH prezidenti Donlad Tramp Bag‘ramdagi aviabaza Xitoy nazorati ostida ekanini aytgandi. Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy bu da’voni rad etdi. Bu haqda TOLOnews xabar berdi.

Muttaqiy mazkur da’volar “haqiqatdan yiroq” ekanini ma’lum qildi. U Afg‘oniston mamlakatda har qanday xorijiy harbiylarning bo‘lishiga qat’iy qarshi ekanini bildirdi.
Afg‘oniston va afg‘on xalqi hatto bir qarich yerda ham xorijiy harbiylar bo‘lishini qabul qilmaydi. Prezident Tramp bu xabarni eshitishi kerak. Boshqa davlatlar ham tushunib yetishlari kerakki, biz olib borayotgan aloqalar faqat siyosiy va iqtisodiy yo‘nalishda, dedi siyosatchi.
U hech bir davlat bilan harbiy aloqalar olib borilmaganini va kelgusida bunday aloqalar o‘rnatmasligini aytdi. Siyosatchi Afg‘oniston hukumati xalqaro hamjamiyat bilan siyosiy, iqtisodiy va diplomatik aloqalarga sodiqligini ta’kidladi. Mutaqqiy Rossiyaning Islom Amirligini tan olganini eslatib o‘tdi. Shuningdek, boshqa mamlakatlarni, ayniqsa mintaqa davlatlarini vaqtinchalik hukumatni rasman tan olishga chaqirdi.
Biz barcha davlatlarga, ayniqsa mintaqadagi davlatlarga eslatamiz: o‘tgan uch yil davomida biz ijobiy hamkorlik olib bordik, yutuqlarga erishdik, diplomatik aloqalarni saqladik va munosabatlarda hech qanday muammo yuzaga kelmadi. Shuning uchun hamma bu jarayonni davom ettirishi va boshqalar uchun ham yo‘l ochilishi lozim, dedi u.
Uning bayonotlari prezident Donald Trampning Bag‘ram aviabazasida Xitoy kuchlari borligidan xavotir bildirgani fonida yangramoqda.
Men Bag‘ramni — bu dunyodagi eng qudratli uchish-qo‘nish yo‘laklariga ega bo‘lgan yirik harbiy bazani saqlab qolgan bo‘lardim. Hozir esa u Xitoy nazoratida, degan edi AQSH prezidenti.
Bundan tashqari, Muttaqiy Xalqaro jinoiy sud (XJS) tomonidan “Tolibon” yetakchisi va Oliy sud raisiga nisbatan chiqarilgan hibsga olish orderini qoraladi. Unga ko‘ra, hukumat XJS oldida hech qanday majburiyatga ega emas va sud qarorlari Afg‘oniston hududida amal qilmaydi.
Izoh (0)