Tailand shimolidagi Uttaradit provinsiyasida sakkiz yoshli bola bir necha yil davomida oltita it bilan birga yashab kelgani aniqlandi.

Bolaning onasi va 23 yoshli akasi giyohvandlikka ruju qo‘ygan. Ayol bolaning ta’limi uchun muntazam ravishda davlatdan subsidiya — taxminan 400 bat (qariyb 12,5 dollar) olgan bo‘lsa-da, uni maktabga bermagan. Bola gapirishni o‘rganmagan, faqat vovullagan. Shuningdek, u hayvonlarga xos xatti-harakatlarni o‘zlashtirgan: to‘rt oyoqlab emaklagan, odamlardan qochgan va vaqtining ko‘p qismini itlar bilan o‘tkazgan.
Mahalliy maktab direktori bu holat haqida xayriya tashkilotiga xabar bergan. Shundan so‘ng ma’lumot politsiyaga yetkazilgan. Oila giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatchilik darajasi yuqori bo‘lgan hududda yashagan.
Qo‘shnilarining aytishicha, bolaning onasi ibodatxonalar oldida muntazam tilanchilik qilgan. Mahalliy aholi esa u bilan muloqot qilishdan qochgan. Hatto ularning farzandlari ham 8 yoshli bola bilan muloqotda bo‘lmagan.
U gapirmasdi, faqat akillardi. Bu dahshatli manzara edi. Biz uni kuzatishda davom etamiz va kerakli yordamni olishini ta’minlash uchun bor kuchimizni sarflaymiz. Uning yaxshi hayot kechirishga imkoniyati bor, dedi Pavina Khongsakul.
Politsiya 30-iyun kuni vayronaga aylangan kulbaga yetib kelgan. Bolaning onasi va akasi taqiqlangan moddalarni iste’mol qilgani uchun hibsga olingan. Bola esa hozirda mahalliy bolalar uyiga joylashtirilgan. Tailand rasmiylari uni hozircha faqat “A” deb atamoqda.
Izoh (0)