AQSH BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining ma’ruzachisi Francheska Albanesega qarshi sanksiya kiritdi. Uni mamlakat G‘azoga hujumni qoralashda va Xalqaro jinoiy sudni qo‘llab-quvvatlashda aybdor deb topdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

AQSH davlat kotibi Marko Rubio bu harakatni Albanesening Xalqaro jinoiy sudni (XJS) qo‘llab-quvvatlagani bilan izohlagan. Sababi XJSning ba’zi sudyalari allaqachon Vashington sanksiyalariga uchragan. Rubioning qo‘shimcha qilishicha, AQSH Albaneseni Qo‘shma Shtatlar yoki Isroil fuqarolarini jinoiy javobgarlikka tortish harakatlarida XJS bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lgani uchun sanksiya qo‘llamoqda. Shuningdek Albanese BMT “maxsus ma’ruzachisi sifatida xizmat qilishga nomunosib” deb ayblangan.
Davlat kotibi, shuningdek, Albaneseni “antisemitizmni tarqatish, terrorizmni qo‘llab-quvvatlash va Qo‘shma Shtatlar, Isroil hamda G‘arbga ochiqdan-ochiq nafrat bildirganlikda” aybdor deb topgan.
“Biz milliy manfaatlarimiz va suverenitetimizga tahdid soladigan siyosiy va iqtisodiy urush kampaniyalariga toqat qilmaymiz”, degan Rubio.
Taxmin qilinishicha, italiyalik Albanesega qo‘llangan sanksiyalar uning AQSHga kirishiga to‘sqinlik qiladi va Qo‘shma Shtatlardagi har qanday aktivlarini bloklaydi. Albanese X’da post qoldirib, shunday dedi:
“Bugun har qachongidan ham ko‘proq va har doimgidek adolat tarafida qat’iy va ishonchli turaman.”
U postida Italiya sudning asoschisi ekanini, u yerda advokatlar va sudyalar “adolatni katta xarajatlar evaziga va ko‘pincha o‘z hayotlari bilan himoya qilishini” ta’kidlagan.
“Men bu an’anani hurmat qilish niyatidaman”, deya qo‘shimcha qilgan Albanese.
Al Jazeera nashrining yozishicha, Albanese sanksiyalarni “mafiya uslubidagi qo‘rqitish usullari” deb ta’riflagan.
Tramp ma’muriyati anchadan beri XJSga qarshi harakatlarni olib boradi. Allaqachon ushbu sudning 4 ta sudyasiga sanksiya kiritilgan. XJS 2024-yili Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mamlakatning o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Yoav Gallantni G‘azodagi harbiy jinoyatlari uchun hibsga olishga order bergandi. Shu sabab AQSH XJSga nisbatan keskin munosabatda bo‘lishni boshlagan.
Izoh (0)