AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Uest Qo‘shma Shtatlar Kobuldagi Rossiya elchixonasi oldida sodir bo‘lgan portlashni qoralayotgani haqida ma’lum qildi.
“AQSH Rossiyaning Kobuldagi elchixonasi oldida sodir etilgan teraktni qoralaydi”, — deb yozdi u Twitter’dagi sahifasida.
Diplomat halok bo‘lganlar yoki jarohatlanganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
“Bu zo‘ravonlik hech qanday maqsadga xizmat qilmaydi”, — dedi Uest.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish ham ushbu teraktni qoralagan.
“Bosh kotib Kobuldagi Rossiya elchixonasi yaqinida uyushtirilgan hujumni keskin qoralaydi”, — deyiladi bosh kotibning rasmiy vakili Stefan Dyujarrik bayonotida.
Dyujarrikning ta’kidlashicha, Guterrish “qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildiradi va jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilaydi”.
“Bosh kotib tinch aholi va fuqarolik obyektlariga, jumladan, diplomatik missiyalarga hujum qilish xalqaro gumanitar huquqlar tomonidan qat’iyan man etilishini ta’kidlaydi”, — deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, 5-sentabr kuni ertalab Rossiyaning Kobuldagi diplomatik missiyasi konsullik bo‘limiga kirish darvozasi yaqinida portlash yuz bergandi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi versiyasiga ko‘ra, portlovchi qurilmani “noma’lum jangari” harakatga keltirgan.
Keyinroq hodisa oqibatida Rossiya elchixonasining ikki xodimi — qo‘riqchi va diplomat halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Al Jazeera telekanali Afg‘oniston xavfsizlik xizmatidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, jami sakkiz kishi halok bo‘lib, 15 kishi yaralangan. “RIA Novosti” manbasi esa 15 dan 20 nafargacha odam halok bo‘lgan yoki jabrlanganini ma’lum qilgandi. “Al-Arabiya” telekanali o‘n nafar qurbon haqida xabar bergandi.
Izoh (0)