Davlat xavfsizlik xizmati Ohangaron shahar hokimligining mansabdor xodimi qamoqqa olinganini ma’lum qildi.

Toshkent viloyatining Ohangaron shahar hokimligida bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyat yurituvchi shaxs xizmat mavqeidan foydalangan holda, 1958-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, hozirda hokimiyat balansiga o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan 3 xonali xonadonni sud tizimidagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytgan.
Mazkur mansabdor shaxs uyning narxini 15 ming AQSH dollariga kelishib hamda sud organlaridagi tanishlari uchun 3500 AQSH dollari berishini aytib, jami 18 500 AQSH dollari talab qilgan.
Oldindan 9500 AQSH dollari olgan vaqtida DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda hokimiyat vakiliga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Bundan bir kun avval Toshkent viloyatida 3 million dollar kredit olib berishni aytib firibgarlik qilgan ikki kishi ushlangani ma’lum qilingandi. Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida kadastr xodimi 1200 dollar pora bilan qo‘lga tushgandi.
Izoh (0)