Toshkent shahar Mirobod tumanida Spark avtomobili yonib ketdi. Bu haqda poytaxt FVB matbuot xizmati xabar qildi.

Maʼlum bo‘lishicha, 5-avgust kuni soat 12:52 da Toshkent shahar Mirobod tumani, Nukus ko‘chasida avtomobil yonayotganligi to‘g‘risida Toshkent shahar FVBga xabar tushgan.
Shunga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv texnikalari aytilgan manzilga soat 12:59 da yetib borib, yong‘in soat 13:06 da o‘chirilgan. Yong‘in oqibatida jabrlanganlar yo‘qligi maʼlum qilindi.
Shu kabi holatlar iyul oyida ham bir necha bor kuzatilgan. Ulardan birida 16-iyul kuni Chilonzor tumanida Nexia rusumli mashina yonib ketgan. Shu kunning o‘zida Mirzo Ulug‘bek tumani, Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasida ham mashina o‘t ichida qolgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, asosan mashinalarda yoz oylarida dvigatel yoki batareyaning haddan ortiq qizishi, elektr simlarining eskirishi yoki qisqa tutashuvlar hamda gaz ballonlari nosozligi yoki noto‘g‘ri o‘rnatilishi natijasida yong‘in kelib chiqadi.
Shuningdek, quyosh nuri tik tushadigan joylarda qoldirilgan avtomobil salonida telefon va batareyalarning tashlab ketilishi portlash hamda yong‘inlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Izoh (0)