Qozog‘istonning birinchi bosh vaziri, 1991—1994-yillarda hukumatni boshqargan Sergey Tereshenko vafot etdi, deb yozmoqda Qozog‘istonning Zakon, Orda, Arbat va NewTimes axborot portallari. U mart oyida 72 yoshga to‘lar edi.
Arbat qayd etishicha, Tereshenko millati tomondan ukrain bo‘lgan, lekin o‘zini qozoq deb atardi, o‘limning aniq sababi hozircha noma’lum. Sobiq bosh vazirining otasi “YuKinform” muxbiriga uning ajdodlari Ukrainaning Vinnitsa sharidan 1920-yillarda ko‘chib kelgani haqida aytib bergandi.
Tereshenko 1951-yilda Primorsk oʻlkasi (Rossiya) Lesovodsk shahrida tugʻilgan, 21 yoshida Qozogʻiston qishloq xoʻjaligi institutini tamomlagan, soʻngra Chimkent viloyatining Tyulkubas tumanidagi Kuybishev nomidagi kolxozga bosh muhandis lavozimiga tayinlangan va 1975-yilgacha shu yerda ishlagan. O‘sha yili u komsomol tuman qo‘mitasining birinchi kotibi etib saylangan va bu lavozimda to‘rt yil ishlagan, shundan so‘ng 1983-yilda Lenger tuman partiya qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimini egallab, partiya pog‘onasida yuqoriga ko‘tarila boshlagan, 1986-yilga kelib esa Chimkent viloyat ijroiya qoʻmitasini boshqargan.
1989-yilda Tereshenko Qozog‘iston SSR Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimini egalladi va keyingi yilning fevral—aprel oylarida u Qozog‘iston SSSR Oliy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. 1991-yil 16-oktabrda respublika bosh vaziri sifatida ish boshladi, 1994-yil 14-oktabrda iste’foga chiqdi.
Iste’foga chiqqanidan keyin, 1998—1999-yillarda Tereshenko respublika prezidentligiga nomzodi ilgari surilgan Nursulton Nazaraboyevni qo‘llab-quvvatlash Jamoat shtabiga rahbarlik qilgan, keyingi uch yil davomida hokimiyatda “Otan” partiyasini (keyinchalik nomi “Amanat”ga o‘zgardi) boshqargan.
Tereshenko davlatchilik va suverenitetni mustahkamlashdagi alohida xizmatlari uchun Qozog‘istonning “Qozog‘iston Mehnat Qahramoni”, “Baris” ordenlari, Rossiyaning “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Izoh (0)