Afg‘onistonda Qurbon hayiti shanba kuni o‘tkazilmoqda. “Daryo” muxbiri hayit namozi Balx viloyati hamda mamlakatning sakkiz shimoliy va shimoli-sharqiy viloyatlarida “Tolibon” mahalliy rasmiylari va xalq ishtirokida o‘qilganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Qurbon hayiti namozi Mozori Sharifdagi eng yirik masjidlardan birida o‘qildi, unda Balx viloyatidagi o‘nlab “Tolibon” rasmiylari va Mozori Sharifning yuzlab fuqarolari ishtirok etdi. Hayit namozida so‘zga chiqqan Balx prokurori Abdulqodir Halimiy Afg‘onistonda Qurbon hayitini tinchlik va birodarlik muhitida nishonlash tahsinga loyiq va misli ko‘rilmagan hodisa ekanini ta’kidladi.
Balx prokurorining qo‘shimcha qilishicha, “Tolibon” rasmiylari Mozori Sharif va Balx viloyati tumanlari fuqarolari xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning yashash sharoitini yaxshilash uchun ijtimoiy va davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun kecha-yu kunduz ishlamoqda.
Bundan tashqari, Balx viloyati razvedka boshqarmasi boshlig‘i Shokir Hamid ham odamlar “Tolibon” rasmiylari bilan hamkorlik qilishi va barcha afg‘on xalqi rasmiylar bilan birgalikda Islom Amirligi tizimini mustahkamlashga harakat qilishi kerakligini aytdi.
Hamid, shuningdek, agar shaxslar Islom Amirligi tizimiga qarshi chiqsa, xalqqa zarar yetkazsa yoki isyon ko‘tarsa, Islom Amirligi mujohidlarining eng qattiq javobiga duch kelishidan ogohlantirdi.
Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni va bir qator islomiy davlatlardan farqli o‘laroq, “Toliblar” juma kunini Arafa va 7-iyun, shanba kunini Qurbon hayitining birinchi kuni deb e’lon qilgan edi. “Tolibon” Qurbon hayiti munosabati bilan to‘rt kunlik dam olish kuni deb e’lon qildi.
Qurbon hayitiga bir kun qolganida Balx viloyatining Mozori Sharif bozorida chorva mollari narxi ikki baravar qimmatlashdi. Xaridorlar narx-navoning qimmatligidan, chorva sotuvchilari bozor yo‘qligidan shikoyat qilmoqda. Qurbonlik uchun bozorga kelgan Nazar Muhammad har yili Qurbon hayitida bir qo‘yni 100 dollardan ham arzonga sotib olganini, bu yil esa narx ikki baravar oshgani uchun qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib ololmayotganini aytadi.
Mozori Sharif bozorida chorva mollari narxi:
- qo‘y — 8000–25 000 afg‘oni;
- echki — 8000– 22 000 afg‘oni;
- sigir — 30 000–200 000 afg‘oni;
- 1 kilogramm qo‘y go‘shtining narxi — 450 afg‘oni;
- 1 kilogramm echki go‘shtining narxi — 450 afg‘oni;
- 1 kilogramm mol go‘shti narxi — 380 afg‘oni.
Izoh (0)