Afg‘onistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh Balx viloyati Mozori Sharif shahridagi mol bozoriga Qurbon hayiti arafasida milliondan ortiq jonivorlar olib chiqilgan, deydi “Daryo”ning Afg‘onistondagi muxbiri.
Mozori Sharif aholisi bu yil Qurbon hayiti oldidan sigir, qo‘y va tuyalar narxi o‘tgan yillarga nisbatan qimmatlashganini aytmoqda. Afg‘onistondagi ishsizlik va qashshoqlik tufayli odamlarning qurbonlik uchun jonliq sotib olishga qurbi yetmayapti. Chorva sotuvchilari ham savdo avvalgi yillardagidek emasligini ta’kidladi.
Savdogarlarning “Daryo” muxbiriga ma’lum qilishicha, narx-navo oshishiga hayvonlarning mamlakat tashqarisiga noqonuniy olib chiqilishi va yem-xashakning qimmatligi sabab bo‘lgan.
Mozori Sharif bozoriga qo‘shni Shibirg‘on, Saripul kabi viloyatlar aholisi o‘z chorvalarini olib keladi. Bozordan qo‘y va sigir olgan bir necha kishi bu yil qo‘ylar narxi 30 foizga oshganini aytmoqda. Bu esa odamlarning qurbonlik sotib olishini yanada qiyinlashtirgan.
“Daryo” muxbirining aytishicha, mol bozorida echki va qo‘ylarning narxi 100 dollardan boshlanib 350 dollargacha, sigirlarning narxi 250 dollardan boshlanib 1 500 dollargacha turibdi.
Qurbon hayiti boshqa musulmon mamlakatlari kabi Afg‘onistonda ham alohida o‘rin tutadi. Har yili bayrami arafasida mol bozorlarida oldi-sotdi avjiga chiqadi.
Afg‘onistonda hayit odatda uch kun nishonlanadi. Afg‘on xalqi hayit kunlarida milliy liboslar tikib, kiyadi. Qarindoshlari va qo‘shnilarini ziyorat qiladi.
“Daryo” muxbiri bilan gaplashgan bir necha kishi Qurbon hayitiga tayyorgarlik ko‘rayotgani, qurbonlik uchun jonliq, mevalar olgani, yangi kiyim-kechak tiktirayotganini aytdi.
Izoh (0)