Birlashgan Millatlar Tashkilotining sudyasi Lidiya Mugambe Buyuk Britaniyada ugandalik yosh ayolni ekspluatatsiya qilgani uchun olti yil-u to‘rt oyga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda The Guardian gazetasi xabar bermoqda.

Shuningdek, sud mahkumaga jabrlanuvchi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita aloqada bo‘lishni man etgan.
50 yoshli Mugambega Ugandalik ayolni doimiy ishidan mahrum etib, uni o‘ziga xizmatkor sifatida ishlashga va bolalariga qarashga majburlaganlik aybi qo‘yildi. Shu vaqt mobaynida Mugambening o‘zi Oksford universitetida huquqshunoslik bo‘yicha doktorlik darajasini olayotgan edi. U Buyuk Britaniyaning immigratsiya qonunchiligini buzishga ko‘maklashganligi, kimnidir majburiy mehnatga tortganligi va ish bo‘yicha guvohni qo‘rqitganligi uchun aybdor deb topildi.
“Mugambe ayolni doimiy ishidan mahrum etib, uni o‘zining xizmatkori bo‘lib ishlashga va bolalariga qarashga majbur qilgan”, deya yozadi maqola mualliflari.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Mugambe o‘z qurbonini ekspluatatsiya qilgan, ayolning mehnat huquqlaridan bexabarligidan foydalanib, uni Buyuk Britaniyaga kelish maqsadi haqida yanglishtirib qo‘ygan. Prokuror Kerolayn Xogi ta’kidlaganidek, Mugambe va uning qurboni o‘rtasida “munosabatlarda aniq va sezilarli kuchlar nomutanosibligi” mavjud bo‘lgan.
Sudda prokuror huquqiy sabablarga ko‘ra ismi oshkor etilmayotgan yosh ayolning ko‘rsatmalarini ham o‘qib eshittirgan. Jabrlanuvchining aytishicha, u o‘zi uchun xavfsiragan holda Ugandaga qayta olmaydi va onasini boshqa hech qachon ko‘rmasligi mumkin. Unga Buyuk Britaniyada boshpana berilgan.
Oksford qirollik sudida Mugambega hukm chiqargan sudya bu ishni “juda achinarli” deb atagan va ayblanuvchining, jumladan inson huquqlarini himoya qilishdagi yutuqlarini sanab o‘tgan.
“Men sizni olti yil-u to‘rt oylik qamoq jazosiga hukm qilaman”, deyiladi sudyaning e’lon qilingan bayonotida.
BMT rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Mugambe 2023-yil may oyida tashkilotning sudyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Biroq bu paytga kelib, unga nisbatan tergov allaqachon boshlangan edi.
Gap shundaki, politsiya uning uyiga mazkur voqeadan uch oy oldin kelgan. Bu esa Mugambening tayinlovi vaqtida ushbu jinoyat ishi e’tiborga olinmagani yoki tekshirilmay qolib ketgan bo‘lishi mumkinligidan dalolat qiladi.
Izoh (0)