Bugun, 3-may Butunjahon matbuot erkinligi kuni nishonlanmoqda. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ushbu kun munosabati bilan fikrlarini yozib qoldirdi.

Sherzod Asadov ushbu sana yana bir bor dunyo hamjamiyati eʼtiborini demokratiyaning asosiy ustunlaridan biri — so‘z va matbuot erkinligi masalalariga qaratishini taʼkidladi.
“O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida fikr erkinligini taʼminlash, axborot olish va tarqatish huquqini kafolatlash taraqqiyot strategiyamizning muhim va ajralmas qismi hisoblanadi. Ushbu strategiya inson manfaatlarini himoya qilishga, davlat xalqqa xizmat qiladigan ochiq va adolatli jamiyat qurishga qaratilgan.
Kuchayib borayotgan global tahdidlarga qaramasdan, biz demokratik institutlarni mustahkamlash yo‘lidan bormoqdamiz. Dunyodagi siyosiy va iqtisodiy beqarorlik, ziddiyatlarning keskinlashuvi va dezinformatsiyaning kuchayishi sharoitida O‘zbekiston jurnalistika, xolis muloqot va fikrlar xilma-xilligini rivojlantirish uchun zarur sharoit yaratish siyosatiga sodiq qolmoqda.
Afsus bilan tan olish kerakki, bugungi kunda hatto anʼanaviy ravishda demokratiya tayanchi hisoblangan mamlakatlarda ham so‘z erkinligi g‘oyasi ko‘pincha siyosiy, tijorat yoki mafkuraviy manfaatlar bosimi ostida qolmoqda. Ochiq jurnalistika o‘rnini noxolis yondashuv egallab, “so‘z erkinligi” tamoyili o‘zining asl qiymatini tobora yo‘qotib borayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Xalqaro tashkilotlarning tahlillariga ko‘ra, 2025 yilda dunyodagi umumiy vaziyat ilk bor “murakkab” darajaga tushib ketgani sohadagi ahvolning tobora yomonlashib borayotganidan dalolat beradi”, deb yozadi Sherzod Asadov.
Prezident matbuot kotibi shu bois jamiyatda jurnalistning professional mehnati hurmat qilinadigan, fakt va halollik qadrlanadigan, muloqot ochiqlikka asoslanadigan muhitni saqlab qolish va rivojlantirish ayniqsa muhimligini taʼkidladi.
“Bu kunda jurnalistlar, blogerlar, muharrirlar, operatorlar, texnik xodimlarga — har kuni maʼrifat va axborot ulashish, voqealarni xolis yoritish yo‘lida xizmat qilayotgan barchaga chuqur minnatdorligimizni bildiramiz.
Masʼuliyatingiz, jasoratingiz va kasbingizga sadoqatingiz uchun tashakkur. Sizlarga yangi yutuqlar, mustahkam sog‘liq va ijodiy ilhom tilaymiz!”, deb yozgan Sherzod Asadov.
Izoh (0)