Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 11-noyabr kuni Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yakunlari bo‘yicha brifing o‘tkazdi. Unda Asadov tadbirni yoritish jarayonida qatnashgan OAV xodimlariga minnatdorlik bildirdi.
Assalomu alaykum, hurmatli jurnalistlar!
Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammiti doirasida tashkil etilayotgan navbatdagi brifingda sizlar bilan ko‘rishib turganimdan mamnunman.
Kunning birinchi yarmida Kongress markazda asosiy tadbir – Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda tashkilot faoliyatini takomillashtirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib bordildi.
Jahonda ro‘y berayotgan voqealarning jadallashuvi va xalqaro munosabatlardagi o‘zgarishlar, Turkiy davlatlar tashkilotini zamonaviy voqelikka doimiy moslashtirish zarurligini taqozo etishi aytib o‘tildi. Ishtirokchilar e’tiborni zamonamizning kuchayib borayotgan tahdid va tahlikalarini yengish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida strategik masalalar bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligiga qaratishdi. Prezidentimiz o‘z nutqida tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha qator aniq taklif va amaliy tashabbuslarni ilgari surdilar.
Avvalo, o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, “yashil” iqtisodiyot, axborot texnologiyalari va transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish orqali savdo-iqtisodiy aloqalar asoslarini mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Ushbu g‘oyalarni amalga oshirish maqsadida tashkilot shafeligida “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonlari”ni shakllantirish, Xalqaro turkiy iqtisodiy forumni o‘tkazish, transport sohasida hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi.
Davlat rahbari, shuningdek, tashkilot makonida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishning samarali mexanizmlarini shakllantirish bo‘yicha bitim tuzish va ushbu hujjat orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligiga alohida urg‘u berdilar. Yoshlar sohasidagi hamkorlikka e’tibor qaratib, kelasi yili Turkiy davlatlar yoshlarining fan va innovatsiyalar bo‘yicha xalqaro kongressini o‘tkazish taklif qildilar.
Bundan tashqari, Prezidentimiz tashkilotning institutsional islohotlarini amalga oshirish masalasini olg‘a surib, xavfsizlik, savdo, investitsiya, transport, qishloq xo‘jaligi, energetika, turizm, fan va texnologiya, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda qo‘mitalar tashkil etish taklifini ilgari surdilar.
Avval xabar berganimizdek Sammit doirasida 10 dan ortiq hujjat imzolandi. Jumladan,
Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti Deklaratsiyasi;
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimiga Protokol;
Turkiy Investitsion Fondni qisqa muddatlarda tuzish to‘g‘risidagi Qaror;
Bojxona koridorlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi Bitim;
Aralash transport vositalarida yuk tashish to‘g‘risidagi bitim;
Turkiy davlatlar tashkilotining 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Strategiyasini qabul qilish to‘g‘risidagi Qaror;
Savdo tartiblarini soddalashtirish Strategiyasini qabul qilish to‘g‘risidagi Qaror.
Alohida ta’kidlab o‘tish lozim, a’zo davlatlar O‘zbekiston prezidentining kelayotgan 2023-yilni Turkiy sivilizatsiyaning yuksalishi yili deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashdi.
Tadbirda Qozog‘iston Respublikasining taklifiga ko‘ra, Tashkilotning navbatdagi sammitini 2023-yilda Qozog‘istonda o‘tkazishga qaror qilindi. Sammit doirasidagi yana bir muhim voqea bu – Samarqandni Turkiy sivilizatsiya poytaxti deb e’lon qilish haqidagi Tashkilot a’zo davlatlarining qaroridir. Bugun tushdan keyin delegatsiya rahbarlari Samarqand shahridagi Registon maydoniga tashrif buyurib, qardoshlik va do‘stlik ramzi sifatida daraxt ekish marosimida ishtirok etdilar.
Ma’lumki, tashkilotda bugungi kunning eng dolzarb muammosi bo‘lgan ekologiya masalalariga alohida ahamiyat qaratilib, tabiatni asrash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, O‘zbekistonda Prezidentimiz tashabbusi bilan “Yashil makon” dasturi amalga oshirilmoqda. Bunday loyihalar Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston va Vengriyada ham bor, albatta. Tadbirda daraxt ekish millatlarimiz qadriyati, bugungi mushtarak intilishlar timsoli ekani ta’kidlandi. Marosim Tashkilotga a’zo davlatlar poytaxtlari va mamlakatimiz hududlarida videoaloqa orqali ko‘rsatildi. U yerlarda ham minglab ko‘chatlar ekildi. Shu tariqa, daraxtzorlarni ko‘paytirish harakati xalqaro miqyos kasb etdi.
Shu bilan “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida o‘tkazilgan tarixiy Samarqand sammiti o‘z yakuniga yetdi.
Mazkur tadbirning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, turkiy xalqlar ko‘p asrlik tarixi davomida ilk bor Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida to‘liq yig‘ildi va istiqbolli hamkorlik masalalari yuzasidan yakdil fikr bildirishdi.
Shu bilan birga, Samarqand sammiti barqarorlik, xavfsizlik va uzluksiz taraqqiyotni ta’minlash manfaatlari yo‘lida ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashning yangi yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi.
Ayni daqiqalarda Prezidentimiz Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazmoqdalar. Unda Samarqand Sammitning asosiy natijalari yuzasidan fikr almashish, oktabr oyida Ashxobodga bo‘lgan tashrifda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning istibollari, parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari muhokamasi ko‘zda tutilgan.
Hurmatli jurnalistlar, so‘zimning yakunida, Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti va uning doirasida o‘tkazilgan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish jarayonlarida faol qatnashganingiz uchun har biringizga samimiy minnatdorchilik bildiraman va kelgusi ijodiy faoliyatingizda omad va muvaffaqiyatlar tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat, Xayr, salomat bo‘ling», — degan Sherzod Asadov.