Mazkur supermodellar allaqachon shon-shuhratga erishgan bo‘lsa-da, dunyoning yetakchi brendlari bilan hamkorlikni davom ettirib, barchaga 50 yosh bu yangi 30 yosh ekanligini isbotlamoqda.
Iman, 69 yosh
Somalilik go‘zal moda olamini maftun etganiga 40 yildan oshdi. Diplomatning qizi, besh tilda so‘zlasha oladigan aqlli va go‘zal Iman Abdulmajidni Iv Sen-Loranning o‘zi orzudagi ayol deb atagan edi. Bu ta’rif, chamasi, hozir ham o‘z kuchini yo‘qotmagan.
Supermodel Iman qariyb chorak asr baxtli hayot kechirgan turmush o‘rtog‘i Devid Bouidan taxminan 125 million dollar meros oldi. Shu bilan birga, uning umumiy kapitali 200 million dollardan oshadi.
Bugungi kunda Imanning asosiy daromad manbayi — uning kosmetika brendi hisoblanadi. Tonal vositalar to‘q terili xaridorlar uchun kam ishlab chiqarilgan paytlarda, model suratga olish jarayonida bir nechta ranglarni aralashtirib, o‘ziga kerakli tusni yaratardi. Shundan so‘ng, u to‘q rangli terida chiroyli ko‘rinadigan murakkab tonal asoslar va boshqa pardoz vositalari kolleksiyasini yaratdi.
Shalom Harlou, 51 yosh
Kanadalik model Shalom Harlou podiumda hamkasbini itarib yuborgan chiroyli, sho‘x qiz obrazi bilan ko‘pchilikning yodida qolgan (bu Versace namoyishlaridan birida sodir bo‘lgan. Odamlar hanuzgacha Harlou Brendi Kuinyonesga ataylab urilganmi, deb taxmin qilishadi).
U 2021-yilda IMG modellar agentligi bilan yangi shartnoma imzoladi va undan ham oldinroq katta sahnaga qaytdi — Harlou sezilarli darajada yomonlashgan sog‘lig‘ini tikladi. Ilgari unga uzluksiz ish tufayli kuchaygan Laym kasalligi tashxisi qo‘yilgan edi.
Naomi Kempbell, 54 yosh
80 million dollar sof kapitalga ega Naomi Kempbellni tilga olmasdan supermodellar haqida gapirish mumkin emas.
Bu yozda “qora pantera”ning eng ajoyib liboslari Londondagi Viktoriya va Albert muzeyida namoyish etildi. Bundan tashqari, u jurnal muqovalarida tez-tez ko‘zga tashlanadi: fransuz, keyin esa asosiy Harper’s Bazaar, Madame Figaro, hamda yana ikkita Vogue — Avstraliya va Gretsiya nashrlarida.
Kempbell o‘zining murakkab fe’l-atvori bilan birga tanasining go‘zalligini va o‘sha mashhur jozibasini saqlab qoldi. Uni aynan shu jihatlari uchun yaxshi ko‘rishadi.
Kristi Brinkli, 71 yosh
Shubhasiz, har bir ayol 70 yoshida fotomodel Kristi Brinklidek ko‘rinishni xohlaydi. Social Life jurnali sahifalarida u xuddi 1970-yillardagidek tetik va xushqomat ko‘rinadi.
Bundan tashqari, dunyodagi eng chiroyli tabassum sohibasi bo‘lgan model hamon ishbilarmon: uning boyligi 100 million dollarga baholanmoqda. Bularning barchasi ko‘plab qo‘shimcha loyihalar tufaylidir.
Yillar davomida Brinkli go‘zal qomati bilan uyda foydalaniladigan fitnes trenajyorlarini, parvarish vositalari va atirlarni, prosekko navli vinoni, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklarni, keyinchalik esa ko‘rish qobiliyatini tuzatuvchi ko‘zoynaklarni sotib keldi. Bundan tashqari, u daromadlarini oqilona boshqarib, Hemptonsda joylashgan qimmatbaho ko‘chmas mulkka katta mablag‘ kiritdi.
Izoh (0)