Jahon banki 2025-yilda O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti o‘sishini 5,9 foizga baholadi. Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi (YMO) rivojlanayotgan davlatlarda iqtisodiy o‘sish sekinlashishi mumkin. Jahon banki o‘zining tegishli hisobotini e’lon qildi.

Mintaqadagi iqtisodiy o‘sish 2024-yilda 3,6 foiz darajasida bo‘lgan. Bunga xususiy iste’mol oshishi, ish haqi o‘sishi, pul o‘tkazmalari hajmi ortishi va YMO mamlakatlarida iste’mol kreditlari kengaytirilishi ta’sir ko‘rsatdi. Oziq-ovqat va xizmatlar narxining keskin oshishi inflyatsiyaning tezlashuviga olib keldi: 2025-yil fevral holatiga ko‘ra, inflyatsiya yillik hisobda 5 foizga yetdi. Taqqoslash uchun 2024-yil o‘rtalarida bu ko‘rsatkich 3,6 foiz edi.
Iqtisodiy o‘sish sekinlashadi
2025–2026-yillarda mintaqaning iqtisodiy o‘sishi 2,5 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda. Tashqi talab susayishi va Rossiya iqtisodiyotining o‘sishi pasayishi bunga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, global noaniqliklar, geoiqtisodiy parchalanish hamda asosiy savdo hamkorlarining sust iqtisodiy faolligi mintaqada barqaror o‘sishni ta’minlashda to‘siqlar yuzaga keltirmoqda.
Markaziy Osiyoda o‘sish sur’ati 2025—2026-yillarda 4,7 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Biroq u YMO submintaqalari orasida eng jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot maqomini saqlab qoladi. O‘sish sur’atlari Rossiya bilan savdo hajmi qisqarishi va mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari oqimining normallashuvi bilan izohlanadi.
Markaziy Osiyo davlatlarining YIM bo‘yicha prognozi
2025-yilda mintaqa davlatlarining yalpi ichki mahsuloti o‘sishi quyidagicha bo‘ladi:
- Qozog‘istonda — 4,8 %,
- O‘zbekistonda — 5,9 %,
- Tojikistonda — 6,5 %,
- Qirg‘izistonda — 6,8 %.
Mazkur ko‘rsatkichlar YMO mamlakatlari orasida eng yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari qatorida qolmoqda.
Rossiya iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari 2025—2026-yillarda 1,3 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda. Turkiyada esa biroz tezlashib, shu davrda 3,3 foizni tashkil etadi. Ukrainada iqtisodiy o‘sish sur’atlari, taxminlarga ko‘ra, 2025-yilda 2 foizgacha pasayishi mumkin.
Iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish bo‘yicha tavsiyalar
Hisobotda geosiyosiy beqarorlik sharoitida iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish yo‘llari ham ko‘rib chiqilgan. Unda xususiy sektorni jadal rivojlantirish uchun sharoit yaratish muhimligi ta’kidlangan. YMO davlatlariga innovatsion texnologiyalar, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga investitsiyalarni faollashtirish, yosh firmalar va kompaniyalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi islohotlarni amalga oshirish, shuningdek, moliyaviy bozorlarni rivojlantirishni tavsiya qilinmoqda.
Izoh (0)