Transport vazirligi matbuot xizmati Toshkent—Andijon pulli avtomobil yo‘li bo‘yicha tender o‘tkazish uchun ariza topshirish muddati bir oyga uzaytirilganini e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu yo‘nalishdagi pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasining malaka takliflarini (RFQ) topshirish 2025-yil 21-mayga qadar uzaytirildi. Shu bilan birga, tushuntirish so‘rovlarini (Clarification Requests) taqdim qilish muddati 2025-yil 5-may etib belgilandi.
Toshkent—Andijon pulli avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha tender o‘tkazilishi 2025-yil boshlarida e’lon qilingan, dastlabki malakani saralash bosqichi uchun hujjatlarini topshirish 2025-yil 21-aprelga belgilangandi.
Tender ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda xususiy kompaniyalar dastlabki malakalashdan o‘tish uchun hujjatlarini topshiradi. Ikkinchi bosqichda dastlabki saralashdan o‘tgan kompaniyalar loyiha bo‘yicha texnik va moliyaviy takliflarini taqdim etadi. Tenderda g‘olib bo‘lgan ishtirokchi bilan uzoq muddatli DXSH bitimi imzolanadi.
Toshkent—Andijon pulli yo‘li
O‘zbekistondagi ilk pulli yo‘llarning qurilishi haqida 2018-yilda xabar berilgandi. O‘shanda bu kabi yo‘llarning birinchisini qurish bilan Germaniya kompaniyasi shug‘ullanishi mumkinligi aytilgandi. 2019-yilda O‘zbekistondagi ilk pulli trassani qurish uchun joy tanlandi.
2022-yil oktyabrda Toshkent—Andijon va Toshkent—Samarqand pulli avtomobil yo‘llari 2026-yilgacha qurib bitkazilishi aytildi. Avgust oyida transport vaziri o‘rinbosari Ilhom Abdugafarov Jahon banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki loyiha koordinatorlari pulli yo‘llarni qurish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish masalasini muhokama qilgandi.
Toshkent—Andijon pulli yo‘li Toshkent va boshqa hududlarni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lashga yordam beradi. Loyihaning umumiy uzunligi 314 kilometr bo‘lib, uning qiymati 4,65 milliard dollarni tashkil qiladi.
Izoh (0)