Rim papasi Fransisk toshqindan jabr ko‘rgan Qozog‘iston aholisiga hamdardlik bildirib, ular uchun duo qilishga chaqirdi. Bu haqda “Orda.kz” xabar berdi.
Fransisk 10-aprel kuni Vatikanda umumiy yig‘ilishda toshqindan aziyat chekkan qozog‘istonliklar haqida gapirdi. Rim papasi katoliklardan Qozog‘istonda avj olgan tabiiy ofatdan jabr ko‘rganlar uchun ibodat qilishni so‘radi. U 2022-yil sentyabr oyida Qozog‘istonga tashrif buyurganini eslab, respublika xalqiga “ma’naviy yaqinlik” his qilishini bildirdi.
“Toshqin natijasida 90 mingga yaqin aholi evakuatsiya qilinishga majbur bo‘ldi. Ushbu tabiiy ofat oqibatlaridan aziyat chekkanlar uchun ibodat qilishga chaqiraman”, — dedi Fransisk.
Suv toshqinlari sababli Qozog‘istonning o‘nta viloyatida (Abay, Aqmo‘la, Aqto‘be, Atirau, G‘arbiy Qozog‘iston, Qarag‘anda, Qo‘stanay, Pavlodar, Shimoliy Qozog‘iston va Ulitov viloyatlari) mahalliy darajadagi favqulodda holat e’lon qilingan.
Mavzuga doir: Qozog‘istondagi suv bosgan shahardan fotoreportaj
Toshqin davri boshidan buyon 72 mingdan ortiq odam, jumladan, 17 mingdan ortiq bolalar evakuatsiya qilingan. 3702 ta xususiy turar joy binolari, 550 dan ortiq hovlilar va 1,8 mingdan ortiq dala uylari suv ostida qolmoqda. Qutqaruv ishlariga jami 13,6 mingdan ortiq kishi, 1,3 ming texnika va 7 ta samolyot jalb etilgan. Qozog‘istondagi yirik suv toshqinlari oqibatida 5,7 mingdan ortiq turli qishloq xo‘jaligi jonivorlari nobud bo‘lgan.
Qirg‘iziston suv toshqinidan jabrlangan Qozog‘istonga 300 tonna gumanitar yuk jo‘natgan. Tojikiston va Turkiya esa suv toshqini oqibatlarini bartaraf etishda yordam taklif qilgan.
Izoh (0)