Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatining hududiy sanoat yarmarkasini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu yerda 110 ta korxonaning 500 ga yaqin mahsuloti namoyishga qo‘yilgan. Jumladan, avtomobilsozlik, mashinasozlik, to‘qimachilik, elektr texnikasi, raqamli texnologiyalar, qurilish materiallari, oziq-ovqat, gulchilik, asalarichilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlardagi samarali loyihalar taqdim etilgan.

Davlat rahbari viloyatda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi mahsulotlar va ilg‘or ishlanmalar bilan tanishdi, ularning tashabbuskorlari bilan suhbatlashdi. Yaxshi tajribalarni qo‘llab-quvvatlab, yurtimiz miqyosida ommalashtirish zarurligini taʼkidladi.

Shu maqsadda yarmarkaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkentdan masʼullar va tadbirkorlar taklif etilgan. Ular mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarish, kooperatsiya va savdo-sotiq masalalarida fikr almashmoqda.

Bugungi kunda Andijon viloyatida 11 mingdan ziyod sanoat korxonasi bor. Ularning respublika sanoatidagi ulushi 10 foizdan yuqori.

Xususan, hududda 47 ta sanoat zonasi tashkil etilgan. Ularda 2,3 trillion so‘mlik 1 000 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, 18 ming kishi ish bilan taʼminlangan. Mazkur zonalarda 2024-yilda 1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, qariyb 31 million dollarlik eksport qilingan.

Bugungi kunda qiymati 1 mlrd dollarlik 288 ta investitsiya loyihasi amalga oshirish jarayonida.

Jumladan, bu yil 119 ta loyiha ishga tushirilib, 4 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Sanoat mahsulotlari eksporti 47 million dollarga yetkaziladi.

O‘tgan yilgi tashrifdan so‘ng, Oltinko‘l tumanidan 16 gektar yer ajratilib, mebellarni klaster usulida ishlab chiqarish majmuasi tashkil etilgan edi. Bu yerda 100 dan ortiq ustaxona, 236 ta shourum va savdo nuqtalari joylashgan.





Izoh (0)