Toshkent shahri, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarorlari qabul qilindi.

Unga ko‘ra, mazkur hududlarda ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarni qayta ishlash sohasiga zamonaviy yechimlar va texnologiyalarni joriy etish orqali elektr energiyasi ishlab chiqariladi hamda sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etiladi.
Elektr energiyasini sotib olish va qattiq maishiy chiqindilarni yetkazib berish to‘g‘risidagi bitimlarga muvofiq loyiha kompaniyalari ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 30 yil davomida “O‘zenergosotish” AJga kafolatlangan tarzda sotadi.
Investor va loyiha kompaniyalari 2025–2027-yillarda quyidagi miqdordagi ishlab chiqarish quvvatiga ega uskunalarni ishga tushirishni ta’minlaydi, jumladan:
- Toshkent viloyatida kuniga 2,5 ming tonna chiqindilarni termik usulda qayta ishlash orqali 390 million kVt elektr energiyasi;
- Andijon viloyatida kuniga 1,5 ming tonna chiqindilarni termik qayta ishlab, 240 million kVt elektr energiyasi;
- Qashqadaryo viloyatida kuniga 1,5 ming tonna chiqindilarni termik qayta ishlab, 240 million kVt elektr energiyasi;
- Samarqand viloyatida 1,5 ming tonna chiqindilarni termik qayta ishlab, 240 million kVt elektr energiyasi;
- Namangan viloyatida 1,5 ming tonna chiqindilarni termik usulda qayta ishlash orqali 227,5 million kVt elektr energiyasi;
- Farg‘ona viloyatida kuniga 1,5 ming tonna chiqindilarni termik usulda qayta ishlash orqali 227,5 million kVt elektr energiyasi.
Qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilayotgani haqida 2024-yilning oktyabrida ma’lum qilingandi.
“Chiqindilar to‘g‘ri to‘planib, ko‘proq qayta ishlansa, ekologik muvozanat yaxshilanadi, tabiat toza bo‘ladi, jamiyat o‘zgaradi”, degan edi Shavkat Mirziyoyev maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishganda.
O‘zbekistonda yiliga 14 million tonna chiqindilar hosil bo‘ladi, lekin ularning atigi 4-5 foizi qayta ishlanadi. Chiqindi poligonlaridan 7 million tonnadan ziyod issiqxona gazlari atmosferaga chiqadi, 43 ming tonna zaharli filtratlar yer ostiga singadi. Chiqindilarni qayta ishlash orqali ham uning tabiatga ta’sirini kamaytirish, ham foyda olish mumkin.
Izoh (0)