Yashnobod tumanida Kichik halqa avtomobil yo‘lining Maxtumquli ko‘chasiga tutashgan qismini qayta qurish ishlari nihoyasiga yetkazildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, hokimlik huzurida tashkil etilgan “Toshkent invest kompaniyasi” AJ mutaxassislari xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda transport oqimini o‘lchab, o‘rganib chiqdi hamda tahlil qildi. Qish mavsumiga qaramasdan, ishlar iloji boricha qisqa muddatlarda amalga oshirildi.
Endilikda Maxtumquli ko‘chasidan KHAYga chiqish temiryo‘l va avtomobil ko‘priklari ostida o‘tgandan so‘ng, o‘ngga burilish orqali amalga oshiriladi. Kichik halqa avtomobil yo‘liga chiqishda ham o‘ngga, ham chapga (svetofor yordamida) burilish mumkin. Kichik halqa yo‘lidan eski “ToshMI” tomon chiqish esa endi yo‘l o‘tkazgich yonidan emas, balki undan oldinroq boshlanadi.
Ishlar doirasida 5700 metr kvadrat yo‘l qoplamasi yotqizildi. Shuningdek, 800 metr suv chiqarish lotoklari o‘rnatildi. Shu bilan birga, 1825 metrga bordyur toshi qo‘yildi. Bundan tashqari, 610 metr piyodalar yo‘lagi barpo etildi. Yana 150 metr drenaj quvurlari yotqizildi, 80 metr metall panjaralar o‘rnatildi.
“Hudud piyodalar ehtiyojlarini inobatga olgan holda obodonlashtirilmoqda, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratildi”, deyiladi xabarda.
Izoh (0)