O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yilligiga munosib sovg‘a sifatida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi To‘palang daryosi bo‘yida yangidan barpo etilgan Zarchob-1A kichik GESning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “O‘zbekgidroenergo” AJ masʼul xodimlari, viloyat hokimligi mutasaddilari, tuman hokimi, hududiy tizim korxonalari vakillari, soha mutaxassislari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan Surxondaryo viloyatining olis tumani aholisi uchun quvvati 3 MVtga teng, yiliga o‘rtacha 13,3 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi Zarchob-1A kichik GES foydalanishga topshirildi.
Aytish joizki, ushbu kichik GESni ishga tushirish orqali To‘palang daryosi suvidan samarali foydalangan holda, to‘rtinchi marotaba daryo suvi gidroagregatlar orqali o‘tkazilib, elektr energiya ishlab chiqariladi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan qurib bitkazilgan mazkur kichik GES O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2024-yil 12-iyuldagi “Gidroenergetika sohasini isloh qilish chora-tadbirlarini jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taʼminlash doirasida foydalanishga topshirildi. Loyiha qiymati 3,33 million dollar bo‘lib, uni ishga tushirish orqali 5 ta ish o‘rni yaratildi.
GESni qurilish ishlari “GIDRO TEXNIK” MCHJ tomonidan bajarildi. GESda Frensis turidagi vertikal 1 ta gidroagregat o‘rnatilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Zarchob-1A kichik GES tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiya 4750 ta xonadonni elektr energiya bilan taʼminlaydi.
Izoh (0)