Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida salkam 5 mingta xonadonni elektr toki bilan ta’minlovchi kichik GES foydalanishga topshirildi. Bu haqda “Daryo”ga tashkilot axborot xizmati rahbari Ravshan Boyqulov xabar berdi.
Bugun davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yilligiga munosib sovg‘a sifatida To‘polang daryosida yangidan barpo etilgan Zarchob-1A kichik GESning ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “O‘zbekgidroenergo” rahbariyati, viloyat va shahar hokimligi mutasaddilari, hududiy tizim korxonalari vakillari, soha mutaxassislari hamda OAV vakillari ishtirok etdi, deydi Ravshan Boyqulov.
Bildirilishicha, quvvati 3 MVtga teng, yiliga o‘rtacha 13,3 million kVt/soat elektr energiya ishlab chiqaruvchi Zarchob-1A kichik GESi hududdagi 4750 ta xonadonni elektr toki bilan ta’minlaydi.
Ushbu kichik GESni ishga tushirish orqali To‘polang daryosi suvdan oqilona foydalangan holda to‘rtinchi marta daryo suvi gidroagregatlar orqali o‘tkazilib elektr energiya ishlab chiqariladi. “O‘zbekgidroenergo” tomonidan qurib bitkazilgan mazkur kichik GES O‘zbekiston respublikasi prezidentining 2024-yil 12-iyuldagi “Gidroenergetika sohasini isloh qilish chora-tadbirlarini jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hisoblanadi, deydi mas’ul.
Loyiha qiymati 3,33 million dollar bo‘lgan GESni ishga tushirish orqali 5 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. GESni qurish ishlari “Gidro texnik” MCHJ tomonidan bajarilgan. GESda Frensis turidagi vertikal 1 ta gidroagregat o‘rnatilgan.
Izoh (0)