Sirdaryo viloyati, Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi katta yo‘l yoqalarida “Andijon muzqaymog‘i” savdosi bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘shimcha qilinishicha, Sanepidqo‘mita Sirdaryo viloyat boshqarmasi Oqoltin tuman bo‘limi mutaxassislari tomonidan katta yo‘l yuzida belgilanmagan joyda sanitariya talablariga zid ravishda sotilayotgan muzqaymoqlar savdosi bartaraf etildi.
Shuningdek, belgilanmagan joyda muzqaymoq sotayotgan fuqarolar bilan aholiga noqulaylik keltirmaslik va sanitariya talablariga zid ravishda yo‘l yuzida savdo faoliyatini olib bormaslik bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
“Yo‘l yuzida sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sanitariya talablariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Chunki, oziq-ovqat tarkibidagi oqsil, yog‘, suv, vitamin va uglevodlar mikroblarning ko‘payishi uchun juda qulay muhit hisoblanadi. Hozirgi issiq ob-havo sharoitida yo‘l yuzida sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifati tez buziladi. Bir qarashda xavfsiz ko‘ringan mahsulotlar turli xildagi zaharlanishga, buning natijasida organizmning kuchli suvsizlanishi, holsizlik, isitma va qayt qilishga sabab bo‘lishi mumkin”, – deyiladi xabarda.
Izoh (0)