Samarqand viloyati Urgut tumanida maktab o‘quvchisi Nexia-2 transport vositasida 6 yoshli qizchani urib yubordi. Bu haqda viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa 2-iyun kuni Urgut tumanidagi “Yangihayot” mahallasida sodir bo‘lgan. Shu tumanda yashovchi fuqaroning maktabda o‘qiydigan farzandi Nexia-2 mashinani haydab ko‘chaga chiqqan. Haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan yigit mashinani yuqori tezlikda harakatlantirib kelayotib, yo‘lning bir tomonidan ikkinchi tomoniga o‘tayotgan 6 yoshli qizni urib yuborgan.
Qizacha shifoxonaga olib borilgan, ammo ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay vafot etgan.
Dadamdan so‘ramasdan mashinani olib chiqqandim. Mashinani yuvib chiqqanimdan keyin, yo‘limdan birdan yugurib chiqib qoldi. Tormozni bosdim, tormoz ham ishlamadi, — deydi 9-sinf o‘quvchisi.
Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani Lacetti urib ketgani, Toshkentda sodir bo‘lgan YTH oqibatida piyoda vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)