Samarqand viloyati Narpay tumanida spirtli ichimlik iste’mol qilib, transport vositasini boshqargan 70 yoshli erkak 2-sinf o‘quvchisini urib yubordi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ko‘ngilsiz hodisa o‘quvchi qiz maktabdan qaytayotganida sodir bo‘lgan. Oqibatda qizning qo‘li singan va u operatsiya qilingan.
Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, u jabrlanuvchi qizga yordam ko‘rsatgan, shifoxonaga olib borgan.
Ikkinchi marta ichmayman, mashina ham haydamayman, — deydi erkak.
Ma’lum bo‘lishicha, yo‘l-transport hodisasini sodir etgan erkak bundan bir yil oldin ham spirtli ichimlik iste’mol qilib transport vositasini boshqargani uchun haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgan.
Holat yuzasidan Narpay tumani IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani Lacetti urib ketgani, Toshkentda sodir bo‘lgan YTH oqibatida piyoda vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)