Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot, Nukus hamda Chimboy tumanlarida qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, departamentning Qo‘ng‘irot tuman bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Sanoat” MFY hududida harakatlanib kelayotgan Nexia-3 rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, fuqaro L.M. qo‘lbola usulida tayyorlangan “Qaratau” nomli jami 720 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini Qo‘ng‘irot tumanida o‘tkazish maqsadida olib kelayotganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va Nukus tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar A.A. va K.R. noqonuniy daromad orttirish maqsadida Xo‘jayli tumani markazida qo‘lbola usulda tayyorlangan “Qaratau” nomli jami 552 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini fuqaro S.A.ga 6 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Chimboy tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro A.T. “Chimboy dehqon bozori” MCHJ hududidagi savdo do‘konida fuqaro B.A.ga qalbaki aksiz markali 120 dona “Qaratau” nomli alkogol mahsulotlarini 3,4 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, jami 501 dona alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)