Navoiy viloyatining Uchquduq va Xatirchi tumanlarida qalbaki alkogol va aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda “SH.S.” va “F.A.” MCHJlarga qarashli savdo do‘konlarida 18 turdagi jami 650 dona qalbaki aksiz markali alkogol va “Milano” nomli tamaki mahsulotlari sotuvga qo‘yilganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)