Isroil HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangi takliflarini vositachilarga – Qatar, Misr va AQSHga topshirdi. Bu haqda ikki manbaga tayanib, Axios xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Isroil rasmiylari ayrim talablarni yumshatishga tayyor. Jumladan, birinchi bosqichda ozod qilinadigan garovga olinganlar soni bo‘yicha “moslashuvchan bo‘lishga tayyorlik” bildirilgan. Bundan tashqari Isroil HAMASning o‘t ochishni uzoq muddatga to‘xtatish haqidagi talablarini muhokama qilishni ham rejalashtirmoqda.
“Bu yangi tashabbus va u jiddiy”, — deydi Axios manbasi.
Qatar rasmiylari Isroil taklifini yaqin vaqt ichida HAMAS vakillariga yetkazishi kutilmoqda.
- 23-may kuni Isroil ikki haftalik tanaffusdan so‘ng vositachilar orqali HAMAS bilan muzokaralarni qayta boshlashni ma’qulladi. Isroil ba’zi masalalarda o‘z pozitsiyasini keskinlashtirdi. Buning ortidan HAMAS vakillari agar Isroil Rafahdagi operatsiyani va umuman urushni to‘xtatmasa, muzokaralardan bosh tortishini ma’lum qildi.
- 25-may kuni Isroil G’azoda garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarni yangilash niyatida ekani xabar qilindi. Yangi taklif Isroilning muzokara guruhi tomonidan ishlab chiqilgan. Ammo mudofaa vazirligi rasmiylarining fikricha, Isroil vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lgan taqdirda ham bir necha oydan so‘ng kerak bo‘lganda yana urushga qaytishi mumkin.
Izoh (0)