O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasiga Britaniya investitsiyalari jalb etiladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Maʼlum qilinishicha, O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov boshchiligidagi delegatsiyaning Buyuk Britaniyada bir qator uchrashuvlari tashkil etildi. Xususan, Buyuk Britaniya Investitsiya uyushmasining (British Investment Accociation — BIA) Moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha direktori Genri Bevli Aʼzolik va rivojlanish departamenti rahbari Jillian Paynter bilan uchrashuv davomida ushbu tashkilot bilan IT sohasida investitsiyalarni boshqarish bo‘yicha keng qamrovli sharhlar va statistik maʼlumotlarni almashish, o‘zbek kompaniyalariga sarmoya kiritish bo‘yicha fikr almashildi.
Muzokaralar natijasida Britaniya Investitsiya uyushmasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi o‘rtasida investitsiyalarni boshqarish va investitsiya kiritish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
TransferWise kompaniyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistondan masofaviy BPO xizmatlarini ko‘rsatish va IT infratuzilmaga investitsiya kiritish istiqbollari muhokama qilindi.
Britaniya tomoniga O‘zbekiston IT bozoriga kirish imkoniyatlari, yaratilgan sharoitlar, qonunchilikdagi o‘zgarishlar, IT kompaniyalar uchun joriy etilgan qulayliklar, ishchi kuchi, demografik va geografik afzalliklar, infratuzilma, taʼlim berish jarayonlari va mavjud xorijiy kompaniyalar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Uchrashuv yakunida TransferWise kompaniyasi vakillarining 17—20-sentyabr kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan ICTWeyek-2024 haftaligida ishtirokini uyushtirish to‘g‘risida kelishib olindi.
Izoh (0)