Samarqand viloyati, Urgut tumanida yashovchi (ayol) A.Sh. ichki ishlar organlariga murojaat qilib, o‘zining nomiga nomaʼlum sabablarga ko‘ra 28 mln so‘m onlayn kredit rasmiylashtirilganligini maʼlum qilgan. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur jinoyatni Toshkent viloyati, Angren shahrida yashovchi muqaddam 8 marta sudlangan 26 yoshli K.D. sodir etganligi aniqlandi.
Unga ko‘ra, jabrlanuvchi K.D. jabrlanuvchi A.Sh.ga o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirib, unga onlayn kredit rasmiylashtirishda yordam beraman deya, soxta havola yordamida uning TBC Bank ilovasiga ikkinchi foydalanuvchi sifatida ulanib, ro‘yxatdan o‘tgan va 28 mln so‘m onlayn kredit rasmiylashtirib, o‘sha vaqtning o‘zida pullarni o‘zining bank kartasiga o‘tkazib olgan.
Bundan tashqari, K.D. asosan Telegram messenjeridagi “TBC Bank”, “Agrobank 24/7”, “Nikain_tm” nomli Telegram profillaridan fuqarolarga xabar yozib hamda qo‘ng‘iroq qilib o‘zini Muzaffar hamda Jamshidbek deb tanishtirganligi maʼlum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan K.D.ga nisbatan JKning 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)