Isroil armiyasi bosh shtabi rahbari general-leytenant Eyol Zamir G‘azo sektorida olib borilayotgan harbiy harakatlar faqat garovga olinganlar ozod etilgandagina to‘xtatilishini bildirdi. Bu haqda Arab News xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Isroil askarlari qaytarib berilmasa, jangovar operatsiyalar bir zumga ham to‘xtamay davom etaveradi.
“Fikrrimcha, yaqin kunlarda garovga olingan harbiylarimizni ozod etish bo‘yicha kelishuvga erishish imkoni bor-yo‘qligini bilib olamiz. Agar bu amalga oshmasa — janglar hech qanday tanaffussiz davom etaveradi”, dedi Zamir.
Zamirga ko‘ra, 2023-yilning oktyabridagi HAMAS hujumidan so‘ng garovga olingan 251 nafar yahudiy harbiylarining 49 nafari hali ham G‘azoda saqlanmoqda. Ularning 27 nafari halok bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda. Shu hafta falastinlik qurolli guruhlar ikki nafar garovdagilarning “cho‘pday” ozib ketgan holatini videoga olib, internetda namoyish etgandi.
AQSH, Misr va Qatar vositachiligida olib borilgan tinchlik muzokaralari va garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha sa’y-harakatlar iyul oyida muvaffaqiyatsiz yakunlangach, G‘azoda harbiy bosimni kuchaytirish yanada avj olmoqda.
Isroil hukumati xalqaro va ichki bosim ostida qolmoqda. Ayniqsa, garovga olinganlarning oila a’zolari sulhga erishish harakatlarini davom ettirishni talab qilmoqda. Urush 22 oydan beri davom etib keladi.
Bu orada insonparvarlik tashkilotlari G‘azoda ocharchilik misli ko‘rilmagan darajaga yetganini, bu Isroil tomonidan yordam yetkazishga qo‘yilgan cheklovlar oqibati ekanini ta’kidlamoqda. Ammo general Zamir bu da’volarni rad etib, ularni “soxta, puxta rejalashtirilgan va aldovga asoslangan fikr” ekanini aytgan.
“Isroil mudofaa kuchlari — bu axloqiy armiya. Uni urush jinoyatlarida ayblash — qasddan yolg‘on so‘zlashga teng”, degan u.
Zamirning ta’kidlashicha, G‘azo sektorida tinch aholining o‘limiga HAMAS’ning o‘zi javobgar.
Ma’lumot uchun, 2023-yil oktyabr oyida HAMAS hujumlari oqibatida Isroilda 1 219 kishi, asosan tinch aholi halok bo‘lgan. Urush boshlangandan buyon G‘azo sektoriga kiritilgan Isroil qo‘shinlaridan esa 898 nafar harbiy hayotdan ko‘z yumgan.
HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotlari oqibatida hozirgacha 60 332 kishi halok bo‘lgan. Ularning katta qismi tinch aholi bo‘lib, bu raqam BMT tomonidan ishonchli deb topilgan.
Izoh (0)