Ekvador hukumati Meksika ustidan Xalqaro jinoyat sudiga shikoyat qilib chiqdi. Bu haqda Anadolu nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, Ekvador tomonidan korrupsiyada ayblanib qidiruvga berilgan mamlakat sobiq vitse-prezidenti Xorxe Glas dekabr oyidan beri Meksikaning Kitodagi elchixonasida yashab kelgan. Kito hukumati shu omilni inobatga olib, Meksika ustidan shikoyat qilgan.
Oldinroq Andres Manuel Lopes Obrador boshchiligidagi Meksika hukumati Ekvadorning Daniel Noboa qo‘l ostidagi hukumatini Meksikaning Kitodagi elchixonasiga bostirib kirganligi uchun sudga bergan edi. Ekvador rasmiylari o‘z xatti-harakatlariga asos sifatida Xorxe Glasning elchixonaga berkinganini keltirgan. Oqibatda ikki davlat o‘rtasida siyosiy inqiroz kelib chiqib, diplomatik munosabatlar uzilgan edi.
Ekvador rasmiylari 2024-yil 5-aprelda Kitodagi Meksika diplomatik missiyasi binosida Xorxe Glasning hibsga olinishi qonunchilikka har tomonlama mos kelishini bildirgan. Ushbu harakat diplomatik munosabatlarni uzish uchun asos bo‘la olmasligini bildirgan.
Glas o‘z mamlakati adliya tizimi tomonidan korrupsiyada ayblanib qidiruvga berilgan va dekabr oyidan beri Meksika diplomatik shtab-kvartirasida boshpana topgan. Hozirda 54 yoshli siyosatchi Guayakildagi “Qoya” nomi bilan mashhur bo‘lgan qattiq rejimli qamoqxonaga ko‘chirilgan.
11-aprel kuni Meksika Xalqaro sudga shikoyat arizasi bilan murojaat qilib, Ekvadorni Birlashgan Millatlar Tashkilotidan chiqarib yuborishni so‘ragan. Elchixonadagi voqea uchun kechirim talab qilgan.
Meksika hozirda Ekvador bilan diplomatik aloqalarini uzib, elchixonasi xodimlarini mamlakatdan chaqirib olgani xabar qilingan. Elchixonada yuz bergan holat mintaqadagi aksariyat davlatlar tomonidan qoralangan.
Izoh (0)