“Barselona” Xavini olib qolmoqchi bo‘lsa, mutaxassis rahbariyatga o‘zining shartlarini qo‘yadi.
Yanvar oyining oxirida, “Vilyarreal”ga qarshi bahsdan so‘ng (3:5) Xavi kataloniyaliklar bosh murabbiyligini tark etishi haqida e’lon qildi. Shundan buyon jamoa biror marotaba mag‘lubiyatga uchramadi: 8 ta g‘alaba, 3 ta durang. Endi esa rahbariyat murabbiyni olib qolish haqida o‘ylamoqda.
Mundo Deportivo nashrining xabariga ko‘ra, mutaxassis hali fikrini o‘zgartirgani yo‘q. Biroq, rahbariyat uni qolishga ko‘ndirmoqchi.
Bir nechta faktorlar Xavining fikrini o‘zgartirishi mumkin. Masalan, muvaffaqiyatli natijalar. Chempionlar Ligasi yoki La Ligadagi chempionlik, undan tashqari ushbu sovrinlar uchun oxirigacha kurashish. Bunday holatda Xavi jamoada qolish haqida o‘ylashi mumkin.
Shuningdek, mutaxassis rahbariyatdan tarkibni kuchaytirishni so‘raydi. Yozda “ko‘k-anorranglilar” Martin Subimendi (“Real Sosyedad”), Yozua Kimmix (“Bavariya”) va Bernardu Silva (“Manchester Siti”) kabi futbolchilarni jamoaga olib kelishni kafolatlashi lozim bo‘ladi.
Xavi 2021-yilning noyabr oyida “ko‘k-anorranglilar” bosh murabbiyiga aylangan edi. Uning qo‘l ostida jamoa Ispaniya chempionati va mamlakat Superkubogini qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)