Pokistonning janubi-g‘arbiy Balujiston viloyatida 31-mart kuni bombalarni zararsizlantirish bo‘limiga qilingan hujum oqibatida ikki nafar askar halok bo‘ldi. Bu haqda Anadolu nashri xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, askarlar janubi-g‘arbiy Balujiston viloyatining qirg‘oqbo‘yi Gvadar tumanidagi Anqara Kaur to‘g‘oni hududida tozalash ishlarini olib borayotgan bo‘lgan. Hududda kutilmaganda paydo bo‘lgan nomaʼlum jangarilar askarlarni o‘qqa tutgan.
Hujum oqibatida yana to‘rt nafar askar yaralangani xabar qilingan. Yaralanganlar viloyat markazidagi kasalxonaga olib ketilgan.
Bundan bir necha kun oldin Pokiston shimoli-g‘arbidagi Xayber-Paxtunxva viloyatida yuz bergan terakt oqibatida 5 nafar Xitoy fuqarosi va ularni olib ketayotgan pokistonlik haydovchi halok bo‘lgan edi. Teraktni mamlakat g‘arbida o‘rnashgan ekstremist guruhlar amalga oshirgani xabar qilingan edi.
Pokistonda so‘nggi bir necha yil ichida jangarilar hujumi ko‘paygan. Xususan, joriy yilning dastlabki uch oyida 245 ta turli darajadagi teraktlar sodir etilgan. Ularda 432 kishi halok bo‘lgan va 370 nafar fuqaro jarohatlangan.
Izoh (0)