Meksika qirg‘oqlarida 8 nafar xitoylik muhojir jasadlari topildi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.
Yetti ayol va bir erkakning jasadi San-Fransisko-del-Mardagi plyajda topildi. Ushbu plyaj Oaxaka shtatiga qarashli.
Oaxaka prokuraturasining maʼlum qilishicha, muhojirlar o‘tgan hafta payshanba kuni Gvatemala chegarasi yaqinidagi Chiapas shtati Tapachula shahridan AQSHga jo‘nab ketgan. Ular o‘tirgan kemani meksikaliklar boshqarib borgan.
Muhojirlar halok bo‘lishiga kemaning to‘ntarilib ketishi sabab bo‘lgani maʼlum qilingan. Uning ichida bo‘lgan bir nafar xitoylik omon qolgan.
Prokuratura hodisani tergov qilish uchun federal idoralar va jasadlarning shaxsini aniqlash uchun Xitoyning Meksikadagi elchixonasi bilan hamkorlikda ishlayotganini bildirgan.
Oxirgi yillarda Meksikadan AQSHga noqonuniy kirgan xitoylik muhojirlar soni keskin oshdi. AQSH hukumati maʼlumotlariga ko‘ra, 2023-yilda Meksikadan noqonuniy ravishda AQSHga o‘tgan 37,000 dan ortiq xitoylik fuqarolar huquq-tartibot idoralari tomonidan ushlangan.
Izoh (0)