Surxondaryo viloyati Termiz shahrida pul evaziga TOEFL sertifikatini olib berishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida Termiz shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda M.R. ismli shaxs fuqaro A.T.ning ishonchiga kirib, unga oliy taʼlimning magistratura bosqichiga o‘qishga kirishi uchun TOEFL sertifikatini olib berishni vaʼda qilib, evaziga 1,1 ming dollar va 1,2 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil iyulda Qashqadaryoda “Milliy sertifikat” tayyorlab berish uchun 6,6 ming dollar olgan hokim yordamchisi ushlangan edi.
Izoh (0)