Jizzax viloyati Arnasoy tumanida noqonuniy yo‘llar bilan haydovchilik guvohnomasini olib berishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Arnasoy tuman bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda R.O‘. ismli shaxs fuqaro O‘.O.ga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olish uchun bo‘lib o‘tadigan o‘quv-mashg‘ulotlariga qatnashmasdan haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga 11 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan oldin Toshkent viloyatida soxta sertifikat evaziga haydovchilik guvohnomasi olgan fuqaroga sud hukmi o‘qilgandi. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2,5 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. May o‘rtalarida bo‘lsa, Farg‘onada 200 dollarga “prava” olib berishni va’da qilgan avtomaktab rahbari ushlangandi.
Izoh (0)