Qo‘shma Shtatlar Tehronning ballistik raketa sinovlari va yadroviy faoliyatidan xavotir bildirgan holda mamlakatga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda IRNA nashri maʼlum qildi.
Xabarda aytilishicha, 20-mart kuni AQSH Moliya vazirligi tarkibidagi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish idorasi Eronning ballistik raketa, yadroviy va mudofaa dasturlarini qo‘llab-quvvatlaganlikda gumon qilingan uchta xarid tarmog‘iga nisbatan sanksiyalar joriy etgan. Ushbu tarmoqlar Eron, Turkiya, Ummon va Germaniyada faoliyat yuritadi.
AQSH rasmiylari sanksiya kiritilgan korxonalar tarmog‘i Eronning raketa sanoati uchun uglerod tolasi, epoksi qatroni va boshqa materiallarni xarid qilish bilan shug‘ullanganini daʼvo qilgan.
Oldinroq AQSH prezidenti Jo Bayden Eronga nisbatan diplomatik yondashuv ijobiy tomonga o‘zgarishi va 2015-yilgi yadroviy kelishuvlarga qaytilishini maʼlum qilgan edi. Biroq diplomatik munosabatlar kayfiyati o‘zgarmadi. Eronga nisbatan esa yangi sanksiyalar joriy qilishda davom etilmoqda.
Izoh (0)