Toshkentda uy-joy ijara narxlari ketma-ket ikkinchi oy pasaydi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ko‘chmas mulk bozorida yuz bergan o‘zgarishlar bo‘yicha 2024-yil 12-mart kuni e’lon qilgan tahlilida keltirilgan.
Fevral oyida uy-joy ijarasi bozorida narxlarning pasayishi kuzatildi. Yanvar oyida ijara bozori 2,2 foizga pasaygan bo‘lsa, fevral oyida esa 1,1 foizga pasayib, 1 kvadrat metr uchun 8,9 dollarni tashkil etdi.
Ijara haqining eng katta pasayishi Yashnobod tumanida 6,3 foiz va Chilonzor tumanida 5,7 foizga qayd etildi. Yillik hisobda ijara haqining eng ko‘p pasayishi Olmazor, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida 13 foizdan 18 foizgacha qayd etildi.
Nisbatan arzon uy-joy ijarasi Uchtepa, Sergeli va Bektemir tumanlarida saqlanib qolmoqda va kvadrat metr uchun 6 dollardan 8 dollargacha o‘zgarib turadi.
Bektemir va Shayxontohur tumanlarida oylik ijara haqi oshdi, bu yerda uy-joyni ijaraga olish mos ravishda 3,5 foiz va 2,5 foizga qimmatlashdi. Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Bu tumanlarda uy-joyni ijaraga olish o‘rtacha kvadrat metr uchun 11 dollarga tushadi.
Izoh (0)