O‘zbekistonda ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiya ratifikatsiya qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.
Oliy Majlis Senatining 50-yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullangandi. 12-mart kuni prezident ushbu qonunni imzoladi.
Konvensiya ish beruvchilar tomonidan pul shaklida ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishini taʼminlashga qaratilgan. Konvensiya qoidalari ish haqi to‘lanadigan yoki to‘lanishi lozim bo‘lgan barcha shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi. Konvensiya iqtisodiy faoliyatning barcha sohalari va ishchilar toifalariga tatbiq etiladi.
Konvensiyada ish haqini qarz majburiyatlari, tilxat, kupon yoki boshqa shaklda, shuningdek, tarkibida alkogol miqdori yuqori bo‘lgan spirtli ichimliklar, organizm uchun zararli giyohvand moddalar ko‘rinishida to‘lash taqiqlangan.
Izoh (0)