HAMAS guruhining yuqori martabali amaldori Solih al-Aruriy 2-yanvar kuni Isroil uchuvchisiz uchoqlarining Bayrut chekkasidagi Dahiya shahriga bergan zarbasi oqibatida halok bo‘ldi, deb yozmoqda Reuters manbalariga tayanib.
“Hizbulloh”ga aloqador Al-Mayadeen sayti xabariga ko‘ra, HAMAS al-Aruriy o‘ldirilganini tasdiqladi.
Isroil harbiylari xorijiy OAV xabarlariga munosabat bildirmasligini aytib, Reuters’ga bu ma’lumotni izohlashdan bosh tortdi.
Al-Mayadeen nashri xabariga ko‘ra, HAMASning Bayrut chekkasida joylashgan idorasiga qilingan hujumda olti kishi halok bo‘lgan.
57 yoshli Solih al-Aruri Livandagi HAMAS siyosiy byurosining yuqori martabali a’zosi edi. U G‘arbiy sohildagi guruhning harbiy qo‘mondoni bo‘lgan. The Times of Israel ta’kidlaganidek, al-Aruriy HAMASning boshqa a’zolariga qaraganda ko‘proq Eron va Livandagi “Hizbulloh” bilan aloqador edi.
Izoh (0)