Shavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayevni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ularni aniq mazmun bilan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi. Jeenbek Kulubayev prezidentga qirg‘izistonlik hamkasbi Sadir Japarovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston prezidenti keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik yuksak darajaga chiqqani va sermahsul tus olganini, jumladan parlamentlar, hukumatlar, hududlar, jamoatchilik va ishbilarmon doiralar darajasidagi muloqot va almashinuvlar ancha faollashganini ta’kidladi.
Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston—Qirg‘iziston taraqqiyot fondi ishga tushirildi. Tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmlari ortmoqda, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Ushrashuvda faol siyosiy muloqotni davom ettirish hamda ustuvor dastur va loyihalarni, shu jumladan Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li qurilishini jadallashtirish muhimligi alohida taʼkidlandi.
Izoh (0)