Fransiya imperatori Napoleon Bonapartning 11 ta maktubi auksionga qo‘yiladi. Bu haqda Bangkok Post xabar berdi.
1812-yil 18-sentyabr sanasi qo‘yilgan maktublarning birida imperator Moskvaga yetib kelib, olov bilan deyarli yakson qilingan shaharni ko‘rganini yozadi.
Bugun asosiy dahalarni ko‘zdan kechirdim. Qachonlardir bu shahar jozibador edi. Men “edi” deyapman, chunki uning yarmidan ortig‘ini olov yakson qilgan — deb yozadi Napoleon.
58,3 ming dollarga sotilayotgan boshqa bir maktubda Napoleon shahardagi alkogol zaxiralari haqida yozadi.
Biz uchun juda kerak bo‘lgan vino va likyorga to‘la yerto‘lalarni topdik — deya bo‘lishadi imperator.
Bundan oldinroq 79,5 ming dollarga sotilgan maktubda bo‘lsa Napoleon Fransiya janubidagi Tulon shahriga shturm uyushtirish uchun qancha o‘q-dori zarurligi haqida yozadi. Maktub u imperator bo‘lish yo‘lida rahbarlik lavozimini olganidan keyin yozilgan.
Ta’kidlanishicha, imperator yozishmalarining faqat bir qismi auksionga qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilda Parijda bo‘lib o‘tgan auksionda Napoleon Bonapartning tojidan olingan oltin dafna yaprog‘i 625 ming yevroga sotilgandi.
Izoh (0)